"Choy" filmiga taqriz: "Jism chanqog‘i va tafakkur tashnaligi"
- 10/03/2021
- Maqola
Yosh ijodkor Shokir Xoliqovning “Choy” qisqa metrajli filmi o‘ttizga yaqin xalqaro kinofestivallarda qatnashib, o‘n beshdan ortiq mamlakatda bosh sovrin va turli nominatsiyalar bilan taqdirlandi. Kann shahrida o‘tkazilgan “Entr’2 Marches” (“Ikki qadam oralig‘ida”) kinofestivalida ham uch ming tomoshabin yig‘ilgan saroyda namoyish etilib, 90 mamlakatdan taqdim qilingan 700 ta film orasida oliy mukofotga loyiq ko‘rildi. Lekin shunisi ham borki, bunaqa sovrinlar san’at asarini baholashda mutlaq mezon bo‘la olmaydi. Abadulabad sodda mezon ushbu: film qancha yuraklarga sim qoqqan, qancha tafakkurlarni tebratgan?..
Bir inson umri davomida tashnalikning necha xilini tuysa ekan? Masalan, oldida keragidan ortiq suvi va ichishga imkoni bor inson chanqoqni his qilmaydimi, xuddi odamlar qurshovida turib o‘zini yolg‘izlik qa’ridan topgani kabi…
Film qahramonning radio murvatini burashi bilan boshlanadi. Lekin to‘rtburchak uskunadan najot chiqmaydi. Shunda boshqa bir tashnalik – Alloh joni borga hayot bilan birga bergan nafs, jism ehtiyojini seza boshlaydi, chanqaydi. Uni qondirish esa osonroq, davosi – tokchadagi choy.
Insultdan tana imkoniyatlari cheklangan, zabonsiz qariya yordam so‘rash ilinjida qo‘lbola qo‘ng‘iroq ipini tortadi. Rejissyor yaratgan anturaj fikrlaringni qalqitib yuboradi: cholni hayot bilan bog‘lab turuvchi ip xayollarini har kun va har tunda ta’qib qiladigan, ustidan kuladigan, yupatadigan xotiralari – devordagi navqiron, o‘ktam yoshligining parchalari, suratlar ustidan o‘tkazilgan. Rasmlar bir tekisda kechmagan umr yo‘lini tasvirlagandek qiyshiq osig‘liq. Balki ayoli hayot bo‘lganida bunday qiyshayib yotmagan bo‘larmidi…
Qo‘ng‘iroq ovozidan xonaga kelinchak kiradi, chol tokchadagi choyga ishora qiladi, lekin kelini tushunmaydi va derazalarni ochadi. Shu payt ayolni kelajak chaqira boshlaydi – chaqalog‘i chinqiradi... Chanqoqdan qaqragan chol majbur bo‘lib yana bir marta qo‘ng‘iroqni chaladi, kelini bu safargi ishorasidan uni tashqariga chiqmoqchi deb tushunadi va aravachani olib keladi, lekin go‘dak yana yig‘lay boshlaydi. Farzandlar cholning jism ehtiyojlariga qaraydilar, xolos. Xasta jonning ko‘ngli, hissiyotlari e’tiborga tashna, ochib ichkariga mo‘ralanmaydigan muhtoj eshik… Devordagi suratdan esa ayoli – o‘tmish nadimasi kulib qarab turibdi.
Qahramonga qo‘shilib choyga sening ham vujuding talpinadi. Chol aravachaga o‘tirib, o‘zi tokchaga yetmoqchi bo‘ladi, muvozanatni yo‘qotib ag‘nagan aravachani qayta turg‘izadi, gilamga turtingan g‘ildirakni pajmurda qo‘llari bilan aylantirib, to‘siqlardan o‘tkazadi. Joni boricha harakat qilish kerak — bu nafs chiqargan qaror. Mo‘’jaz film tomoshabinni 16 daqiqa ana shunday qahramonga hamdard — bir qultum suvga zor qiladi, tasavvur orqali nafsingning izmiga tushasan beixtiyor, nafsingning oldida turgan o‘zingni ko‘rasan…
Choyga yetishga bir qadam qolgan. Shu on derazadan ko‘chada o‘ynab chanqagan nabiraning jo‘mrakka qarab chopgani, suv quriganini bilib avzoyi buzilgani ko‘rinadi. Bolakayning ko‘zi bobosi yetay deb qolgan choyga tushadi. Yugurib kelib, derazalarni ochdi, lekin idishga qo‘li yetmadi. Kulminatsion nuqta: obihayotga bir tarafdan jajji nozik qo‘lchalar, ikkinchi tomondan esa qaltiroq nimjon qo‘llar intiladi.
Sen o‘yga cho‘masan: insonni tafakkur berib ulug‘ aylagan Zot uning o‘z ojizligini ham unutmasligi uchun bo‘ynidan ip o‘tkazib, jilovini jismning qo‘liga tutgan, ana shu hayvoniy ehtiyoj oldida yoshni ham, keksani ham, shohu gadoni ham teng qilib qo‘ygan… Shunda senga insoniylik rutbasi nafsni tasarruf etish imkoniyati bilan berilgani haqida so‘zlay boshlaydi bezabon qahramon: chol choyni nabirasiga uzatadi. Bu ruh chiqargan qaror edi! Nafsni yenga oladigan ruhning oldida esa bu dunyoning jamiki dahmazasi arzimasdek…
Tomoshabin film aslida choy haqida ham, nafsni yengish — ulg‘ayish belgisi ekani to‘g‘risida ham emasligi, bunday tushunchalardan balandroqligini qahramonning kartina so‘ngidagi tabassum jilvalangan ko‘zlaridan uqib oladi. Rejissyor aktyorning nigohiga katta vazifa, yuk, ma’no ortganini payqaydi. Orzu-umiddan voz kechib, xotiralar bilan yashashga mahkum odamning ko‘zlarida yolqin balq uradi. Tugab bitayotgan hayotni choy bilan qo‘shib nabirasiga uzatayotgan mo‘ysafidning ko‘zlarida, Bayron aytganidek, shomda ufqqa qarab tonggi shafaqni orzu qilgan odamning nigohini ko‘rsangiz, tabassumidan “Men bilan o‘yin o‘ynayapsan-a, hayot. Lekin baribir men g‘alaba qozondim” degan sururni ilg‘aysiz.
Bernard Shouning “Hayot men uchun erib tugayotgan sham emas, qo‘limga bir lahzaga berilgan va kelajak avlodga tutqizishdan oldin imkon qadar yorug‘roq alanga oldirishim kerak bo‘lgan ajib mash’aldir”, degan gapi bor. Qahramon ham nabirasiga o‘sha mash’alni choy ramzi bilan tutdi. Yaqinlarini o‘ylab yashash, ularning manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘ya olish saodatini meros qilib uzatdi go‘yo… Aslida, qo‘ng‘iroq ovozidan xonaga kirgan kelinchakka tokchadagi choyni emas, qo‘li yetar joydagi choynakni ko‘rsatsa, olam guliston edi. Lekin qahramon iymandi, bobosining bobosidan meros qolgan iymanish bilan tokchadagi choyga ishora qildi, bobosining bobosidan qolgan olijanoblik bilan choyni nabirasiga uzatdi. Yashin bir joyga tushmaganidek, odamzot ham hayotini har xil yashaydi, lekin qadriyatlar mo‘’jizaviy tarzda suyak surib boraveradi. Shokir Xoliqovning qichqa metrajli “Choy” filmi bu buyuk tadrijiylikning mohiyatiga ishoralar beradi.
Parvina Omon