Hindiston tarixiga “Buyuk mo’g’ul imperiyasi” nomi bilan kirgan saltanatga asos solgan Zahiriddin Muhammad Bobur va uning vorislari hind kino ijodkorlarini o’ziga maftun etib keladi. Hind diyorining eng shonli davrlaridan hikoya qiluvchi bu filmlarda bollivudona romantika va tarixiy haqiqatlar qorishuvini ko’rish mumkin.
1Humoyunshoh
Boburshohning farzandiga bag’ishlangan “Humoyun” filmi 1945-yilda ishlangan. Rejissor — Mehrob Xon. Bollivudning muvaffaqiyatli chiqqan yettinchi kartinasi hisoblanadi.
2Akbarshoh
Jaloliddin Muhammad Akbar hukmronligi eng qiziqarli va hind davlatchiligining shonli davrlardan biri. Bu davr kinochilarning ham e’tiborini ham o’ziga jalb qilgan. Akbarshoh obrazi ishtirok etgan filmlardan birinchisi 1943-yili suratga olingan “Tansen” filmidir. Filmda hofiz Tansen va qishloqi cho’pon qiz Tani o’rtasidagi muhabbat yoritiladi. Akbarshoh saroyiga qo’shiqchi izlab yurgan mulozimlar Tansenni ko’rib qoladi. Qistovlar bilan Akbarshohning qo’shiqchisi bo’lishga rozilik bildiradi. Podshohning tug’ilgan kunida qo’shiq kuylashi kutilgan Tansen Tani bilan uchrashadi, qiz undan bu yerdan ketishni so’raydi. Shu sababli Tansen Akbarshohga saroyda boshqa kuylamasligini aytadi. Filmda uning boshidan o’tgan turli sinovlar haqida hikoya qilinadi. 1962-yilda suratga olingan “Musiqa qiroli Tansen” filmida ham shu voqealar yangicha talqinda bo’y ko’rsatadi.
Akbarshoh o’z davrining san’at va adabiyot homiysi, ma’rifatli va qudratli hukmdor sifatida nom qoldirgan. Unigndavriga hind madaniyati gullab-yashnaydi. 1945- va 1979-yillarda suratga olingan “Mira” nomli filmlar hind shoirasi va rohibasi Mira Bay va hukmdor munosabatlari, siyosiy kolliziyalar fonida yoritiladi.
“Jodha va Akbar” serialining premyerasi 2008-yilda bo’lgan. Akbarshoh (Kritik Roshan) va rajputlar malikasi Jodha Bay (Aishvarya Ray) o’rtasidagi romatik munosabatlar asosiga qurilgan kartina katta moliyaviy foyda keltirgan (28,37 millon AQSH dollari). Hindistonning milliy kinofestivallarida, Osiyo va dunyo tanlovlarida film ijodkorlari qirqqa yaqin mukofot va nominatsiyalarni qo’lga kiritishgan. Hatto Janubiy Amerikada o’tgan “San Paulo” xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi xorijiy tildagi film” deya e’tirof etilgan.
3Jahongir
“Jahongirshohning adolati” (“Adl-e-Jaehangir”) — Boburiylar davlatining 4-hukmdori Akbarshohning o’g’li Jahongirshoh (Salim) hayotidan so’zlovchi yarim tarixiy syujetli film 1955-yilda tasvirga tushirilgan. Podshohning sevimli rafiqasi Nur Jahonbegim ov vaqtida bilmasdan bir kishini otib qo’yadi. Marhumning rafiqasi Rami podshohning oldiga da’vo qilib kelishi va Jahongirning da’vogarga qilgan adolat uchun o’z malikasiga jazo tayinlashi haqida hikoya qilinadi. Bu filmgacha hind kinosida xuddi shu voqealar asosida suratga olingan “Pukar” filmi bor edi. Ammo uning Anarkali nomi bilan tanilgan raqqosa qiz Nodira bilan munosabati turli afsonalarga sabab bo’lgan. “Akbar, Salim, Anarkali” hamda “Anarkali” (1953, 1955, 1956) kabi filmlarni sujet bilan ta’minlagan.
4Shoh Jahon
Boburiylarning eng qudratlisi Akbarshoh bo’lsa-da, dunyo uning nabirasi Shoh Jahonning nomini ko’proq tilga oladi. Buning boisi esa Toj Mahaldir. Hind zaminida muhabbat timsoli bo’lib turgan obida Bollivudning nazaridan chetdan qolishi mumkin emas. Bollivudda Shoh Jahon bilan bog’liq “Mumtoz Mahal”, “Toj Mahal” (1941, 1963), “Jahon Oro” kabi filmlar yaratilgan. 2005-yilda suratga olingan “Toj Mahal — boqiy sevgi hikoyasi” filmi moliyaviy jihatdan o’zini oqlamadi. 11.34 million AQSH dollari sarflangan film 7.1 million AQSH dollar to’play oldi, xolos.
5Avrangzeb
2006-yili Boburiylar saltanatining yirik hukmdorlarining so’nggisi Avrangzeb davrida yashab ijod etgan panjob shoiri Voris Shoh hayoti haqida film ishlandi. Avrangzeb mamlakatda musiqani taqiqlaydi. Chunki u musiqa insonni Xudodan uzoqlashtiradi deb hisoblardi. Musiqachilar va qo’shiqchilar shaharlardan uzoq joylarda yashay boshlashadi… Film xalqaro mukofotlarni hamda 54-milliy filmlar tanlovida g’oliblikni qo’lga kiritdi.
Suhrob Ziyodov tayyorladi